TADBIRLAR

"SUV XO‘JALIGIDA DOLZARB 30 KUNLIK"

O‘lkamizga biz intiqib kutgan bahor keldi. Dala-dashtlarda yana mavsumga ekish tikishga hozirlik ko‘rila boshlandi. Dehqon tili bilan aytganda bahorning har bir kuni g‘animat, undan unimli foydalanish kerak. Bugun hamma dalada, chunki bahorni, quyoshli kunlarni sog‘inganlar qancha.  "Suv xo‘jaligida dolzarb 30 kunlik" tadbirida faol ishtirok etish uchun Toshkent viloyatining Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi o‘zining tasarrufidagi tashkilotlar hamda barcha tuman ITB ishchi xodimlariga safarbarlik e’lon qildi.

Bugungi kunda viloyatning qaysi bir tumaniga bormang, albatta suvchilar tomonidan olib borilayotgan  obodonlashtirish, ko‘klamzorlashtirish  ishlariga ko‘zingiz tushadi. Bu mubolag‘asiz.

Ayni fursatlarda Bekobod tuman irrigatsiya bo‘limi xodimlarining aksariyati “Bekobod” kanalida. Bir tomondan mexanizm yordamida kanalda qazish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, qolgan ishchi xodimlar ichi ariqlar va atrofni obodonlashtirishga kirishganlar.

Qibray tumaning Madaniyat xududidan oqib o‘tuvchi  Yan kanalida  shu kungacha, 6,1 km masofada mexanizim yordamida 11 000 m3 ish xajmi bajarildi. Ayni kunlarda  esa kanal bo‘ylarini mustahkamlash, suv yo‘llarini kengaytirish va obodonlashtirishga ahamiyat berilyapti. Piskentlik suvchilar ham  dolzarb 30 kunlikda faol ishtirok etmoqda. “Yashil makon” dasturi doirasida ishchi xodimlar tomonidan  ariq va kanal bo‘ylariga 2 mingdan ziyod archa, tol va terak ko‘chatlari qadaldi. Ular mart oyining oxirigacha 12 mingdan ziyod mevali va manzarali ko‘chatlar ekishi rejalashtirgan. Bundan tashqari Sho‘r ariq kanalining Piskent tumanidan oqib o‘tgan qismidagi jami 7 dona gidrotexnik inshootlarga yangi zatvorlar o‘rnatildi. Ayni kunlarda  tumanlararo “Tanachi Bo‘ka” kanalining Oxangaron tumanidan oqib o‘tgan qismida ekskovator yordamida qirg‘oqlarini mustaxkamlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Toshkent tuman irrigatsiya bo‘limi xodimlari ham dolzarb 30 kunlikka befarq emas. Erta tongdan boshlab suvchilar ichki ariqlarni tozalab, atrofda obodonlashtirish ishlariga kirishib ketishdi. Xullas, viloyat suvchilari  fursatni g‘animat bilib, mavsumga tadorlik ko‘rmoqda.

SUVNING HISOBINI YURITMAY TURIB, UNI TEJAB BO‘LMAYDI

Yildan yilga suvga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Bugun  hayotni o‘zi  suvni tejab, undan oqilona foydalanishni taqozo etmoqda. Davlatimiz rahbari joriy yil 1 aprelida “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qarorida aynan suv resurslaridan foydalanish bilan bog‘liq bir qator vazifalarni belgilab berdi. Suv tejovchi texnologiyalarni yanada kengroq joriy etish, suvning hisobini yuritish shular jumlasidandir.

Joriy yilning 28 aprelda Toshkent viloyatining Toshkent tumanida  bo‘lib o‘tgan seminarda bu haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Toshkent tumani asosan bog‘dorchilikka, sabzovotchilikka ixtisoslashgan. Hududning  salkam 5 ming 400 gektar maydoni sug‘orilishga mo‘ljallangan. Qariyb 550 gektar yer maydonlari tejamkor texnologiyalar yordamida sug‘orilib kelinmoqda. Bu yil  600 gektar maydonda  suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish maqsad qilingan. Ayni kunlarda 116 gektar sabzovot hamda bog‘larda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.

–  Suvning hisobini yuritmay turib, uni tejab bo‘lmaydi, deydi Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Turob Qayumov. – Ota bobolarimiz bejizga  har sohada tejamkorlik,  hisob- kitob qilishni ilgari surishmagan. Zotan hisobini bilgan qadriga yetadi.

Yig‘ilishda suv resurslarini fermerlar orasida qat’iy taqsimlash, maxsus xizmat bilan suv iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatni yanada rivojlantirish  muhimligi qayd etildi. 

Seminarda davomida  suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib kelinayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda fermerlar o‘zlarini qiziqtirib barcha savollarga javob olishdi.

SUG‘ORISHNING SAMARALI USULLARI

Bugun suvdan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni yanada kengroq joriy davlatimizning eng ustivor vazifalaridan biriga aylangan. Chunki yildan yilga suvga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Ma’lumotlarga qaraganda,  joriy  2023 yil vegetatsiya davrida suv resurslari hajmi ko‘p yillik me’yorga nisbatan Sirdaryo havzasida 10 — 15 foizga, Amudaryo havzasida 15 — 20 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbarining shu yil 1 aprelida “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qarorida bu haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida bo‘lib o‘tgan amaliy seminar shunga bag‘ishlandi. 

Seminarda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib kelinayotgani ta’kidlandi.

-Bugun  eng avvalo suv resurslarini suv iste’molchilari orasida qat’iy taqsimlagan holda foydalanishni yo‘lga qo‘yish zarur,  deydi Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi  o‘rinbosari Sardor Alimbeqov. – Bunda birinchi navbatda maxsus xizmat bilan iste’molchi o‘rtasidagi munosabatni  shakllantirmog‘imiz zarur.

Seminarda  Suv xo‘jaligi vazirligi vakili Turop Qayumov so‘zga chiqib, suv tejaydigan texnologiyalar joriy etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish, qolaversa, bu borada fermer xo‘jaliklariga ajratilayotgan  imtiyozlar haqida to‘xtalib o‘tdiirrigatsiya tizimlarida suv yo‘qotishlarni kamaytirish hamda  «Suv hisobi» axborot tizimini joriy etish bilan bog‘liq  vazifalar haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Seminarda fermerlarning qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi. Amaliy seminar viloyat tumanlarida davom etadi.

AYOL FIDOYILIK TIMSOLI

Ayol borki, olam munavvar, yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz sha’niga har qancha so‘z aytsak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan davlatimiz rahbari ta’riflaganidek, ayol fidoyilik timsolidir. Bugun xotin qizlarimiz har bir sohada faoldir, ayniqsa irrigatsiya tizimida. Xalqaro Xotin-qizlar kuni munosabati bilan  Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev tizimda ko‘p yillardan buyon faol mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollarimizni  “Tashakkurnoma” bilan taqdirladi. Ular orasida Toshkent viloyati Qibray tuman irrigatsiya bo‘limi bosh mutaxassisi Gulchehra  Rahmonova hamda Bo‘ka  tuman ITB mutaxassisi Mamlakat Toirova ham bor. Chirchiq-Ohangaron   irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining xotin-qizlar qo‘mitasi  raisi Madina Abdurahmonova   barcha ayollarni bayram bilan qutlab,  “Tashakkurnoma” ni o‘z egalari topshirdi. 

Shu kuni Chinoz tuman irrigatsiya bo‘limida xalqaro Xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi kunda tuman irrigatsiya bo‘limida 10 dan ziyod xotin qizlar mehnat qiladi, ular doim e’tiborimizda, deydi bo‘lim boshlig‘i Laziz Shamsiddnov. Bayram tadbirida ayollarga  hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.

Toshkent tumanida bo‘lib o‘tgan sumalak sayli ham bahor bayrami Xotin qizlar bayrami arafasida tashkil etildi.Shu kuni tuman bo‘limi – hovlisida  haqiqiy bayram shukuhi sezildi. Dasturxonga bahor taomlari sumalak, ko‘k somsa qo‘yildi.Tadbir ishtirokchilari va mehmonlarga osh tortildi. Ayni kunlarda bayram tadbirlari barcha tuman irrigatsiya bo‘limlarida davom etmoqda.

“ZAKOVAT”- YOSHLARNI BIRLASHTIRDI

Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq yurtimiz bo‘ylab barcha tuman va shaharlardagi ta’lim muassasalari, tashkilot va idoralarda intellektual o‘yinlarga qiziqish kundan kunga ortib bormoqda. Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan  yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini ayni kunlarda qizg‘in pallaga kirdi.

Bugun Sirdaryo viloyatining Nasos stansiyalari va Energetika boshqarmasida  “Zakovat” intellektual o‘yinining dastlabki bosqichiga chiqqan Sirdaryo, Jizzax hamda Toshkent viloyati yosh irrigatorlari o‘rtasida final bosqichi uchun bellashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining “Aristokrat” jamoasi vakillari g‘oliblikni qo‘lga kiritib final bosqichiga yo‘llanma hamda Sertifikat bilan taqdirlandi. Biz yoshlarni  g‘alaba bilan tabriklab, ularni  intellektual o‘yin haqidagi fikr mulohazalari bilan qiziqdik.

Zikrillo Nazirmatov, Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi yoshlar yetakchisi: -Yoshlarimiz  o‘rtasida intellektual o‘yinlarga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Ularning qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va yanada oshirish maqsadida sog‘lom raqobat ruhida o‘tkaziladigan intellektual o‘yinlarning o‘rni va ahamiyati katta.  

“Zakovat” baxs va munozaralarga boy bo‘ldi. Savollar geografisi keng,  ularning salkam 20 foizini suv xo‘jaligiga oid savollar qamrab oldi. O‘yin davomida  jamoaga 24 savol berildi. Ularning 15 tasiga Toshkent viloyati jamoasi javob topgan bo‘lsa, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari jamoalari esa savollarning  9 tasiga  javob bergan.

Shohrux Karimov, “Aristokrat”  jamoa sardori: -Zakovat” intellektual o‘yini barcha yoshlarimiz uchun birdek qiziqarli kechmoqda. Hammasidan muhimi savollar juda salohiyatli va kasbimiz bilan uzviy bog‘liqdir. Jumladan, Yevropa davlatlarida daryo boshqarmasi balandligi 4 metr va uzunligi 80 metr bo‘lgan nimaga qarshi chiqqan degan savolga jamoamiz bilan bir zumda suv ombori deb javob berdik. O‘yinda xozirjavoblik juda zarur.

Ulug‘bek Karimov , “Aristokrat”  jamoa vakili: -Ahamiyatli tomoni shundaki, savollar juda qiziqarli va mushohada chorlaydi kishini. Okeaniya davlatlaridan birida 12 yoshga to‘lgan bolaga shunday savol beriladi, agar bola shu savolga javob bersa, u balog‘at yoshiga yetgan bo‘ladi. Sizningcha, bola nimani bilish shart bo‘lgan. Garcha biz bu savolga javob bermagan bo‘lsakda, uning javobi bizni xayron qoldirdi. Balog‘at yoshiga to‘lgan bola 10 ta ajdodini bilish shart ekan.

Vazirlik tizimida ilk bor o‘tkazilayotgan “Zakovat” intellektual o‘yining ahamiyatli tomoni shundaki, u yoshlarni birlashtirdi. Yana “Yosh irrigatorlar” degan ibora paydo bo‘ldi, bu eng muhimi. Xali oldinda esa final, unda eng zakovatli  irrigatorlar jamoasi bellashadi. Biz ularga omad tilaymiz.

QUYI BO‘G‘IN MUHIM BO‘G‘IN

Bugungi kunda Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan tuman irrigatsiya bo‘limlaridagi maxsus xizmat xodimlari o‘rtasida suvdan samarali foydalanish, uni nazorat qilish va hisobini yuritishi  bo‘yicha dala seminarlari o‘tkazilib kelinmoqda. 

Davlatimiz rahbarining “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv iste’molchilari orasidagi munosabatlarni tartibga  solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida suv resurslarini boshqarish, ularning hisobi va hisobotini yuritish hamda suv munosabatlarini yanada takomillashtirish, bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Joriy yilning 24 fevral kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani  “Achamayl”  jamoa xo‘jaligiga qarashli “Abdujabor ota” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tgan amaliy seminar  shu mavzuga bag‘ishlandi. 

Unda suvni boshqarish,  hisobini yuritish hamda suv iste’molchilar orasida munosabatni shakllantirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi. Amaliy seminarni havza boshqarmasi tomonidan biriktirilgan mutaxassis Turob Qayumov  olib bordi.

–Bugun quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish, suv tanqisligi sharoitida iste’molchilar o‘rtasida suv taqsimlash, suvning hisobi va hisobotini yuritish hamda suv iste’molchilari bilan maxsus xizmat o‘rtasida munosabatni shakllantirmoq zarur, deydi Turob Qayumov. –Agar  ish to‘g‘ri tashkil etilsa, suvdan tejab foydalanilsa, uning hisobini yuritish yo‘lga qo‘yilsa,  o‘z o‘zidan  suvga munosabat o‘zgaradi. Buning uchun esa tajriba, bilim va malaka zarur. 

Mashg‘ulotlar dala sharoitida o‘tkazilib, unda gidropostlarni qanday  qurish kerakligi, suvning nazoratini olib borish  uchun nimalarga e’tibor berish zarurligi to‘g‘risida kerakli tushunchalar berildi.