CHIRCHIQ-OHANGARON IRRIGATSIYA
TIZIMLARI HAVZA BOSHQARMASI 

MAQOLA va OCHERKLAR

«ICHADIGAN BIR KOʼZA SUV SHOʼR SUVLI DARYODAN QIMMATLIROQ» – BU SHARQ DONISHMANDLARINING MING YILLAR MOBAYNIDA HAYOTDAN CHIQARGAN LOʼNDA XULOSASI.

Ichimlik suv miqdori butun sayyoramiz suv zaxiralarining atigi ikki foizinigina tashkil etadi, xolos! 

Suvdan tejab foydalanish, tarmoqqa ilgʼor va samarali texnologiyalarni joriy qilish vaqt keldi.

Shu maqsadda bugun mamlakatimizda Jahon banki bilan hamkorlikda Janubiy Qoraqalpogʼiston hamda Fargʼona vodiysida suv resurslarini boshqarish 2-bosqich loyihasi amalga oshirilmoqda.

Dasturga muvofiq Namangan viloyatining Yangiqoʼrgʼon hamda Chortoq tumanlarida qiymati 86,3 mln. АQSh dollarlik 2019-2024 yillarga moʼljallangan loyiha asosidagi ishlar koʼzga tashlanib qoldi.

Joriy yilda COVID-19 pandemiya sharoiti boʼlishiga qaramay, loyiha doirasidagi ishlar bir zum boʼlsada susaytirilmadi. Rejaga muvofiq uzunligi 111,5 km. boʼlgan 23 ta kanalni qayta tiklash va ulardagi 134 ta gidrotexnik inshootlarini rekonstruktsiya qilish maqsad qilingandi.

Shu kungacha uzunligi 4000 m. boʼlgan Karan-Chortoq kanali hamda 6000 metrlik Sherbuloq kanali, shuningdek, Pashamin kanallarida betonlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Hozirgacha, mavjud 12 ta suv kanali qayta taʼmirlanib ishga tushirildi.

Ularning orasida Bekobod kanali ham bor.

- Bugun viloyatimizning Yangiqoʼrgʼon va Chortoq tumanlarida Jahon banki moliyaviy koʼmagi asosida Fargʼona vodiysida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash 2-bosqich loyihasi dasturi doirasida kanallarni taʼmirlash, qayta qurish ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi Suv xoʼjaligi sohasida loyihalarni amalga oshirish agentligi rahbari Baxtiyor Kamolov. – Bekobod kanalni qayta taʼmirlash tufayli 8 ming gektar maydondagi yerda suv taʼminoti yaxshilandi. Eng muhimi, suv isrof boʼlmaydi. Xuddi shunday ishlar endi viloyatning boshqa tumanlarida ham amalga oshirilishi koʼzda tutilgan.

Bu tadbirlar Xitoy va Turkiyalik malakali mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilmoqda.

- Oddiy yerda qazilgan kanalga qaraganda betonlashtirilgan lotokda suv kam isrof boʼladi, bu suvdan samarali foydalanishning eng yaxshi usuli, – deydi Turkiyalik konsulьtant maslahatchi Аhmet Gulhachi. – Buning evaziga koʼproq maydonni sugʼorish mumkin.

Davlatimiz rahbari yigʼilishlarning birida Namangan tajribasi asosida gidrogeologik qidiruvlarni kengaytirib, yer osti suvlaridan oqilona foydalanish zarurligini taʼkidlagandi.

Joriy yilda Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda Yangiqoʼrgʼon va Chortoq tumanlarida obi-hayot chiqarildi.

Yangiqoʼrgʼon va Chortoq tumanlarida loyiha dasturiga koʼra jami 105 dona sugʼorish quduqlarini qurish va 9 dona nasos stantsiyalarini rekonstruktsiya qilish koʼzda tutilgan edi.

Hozirgacha, bunday yer osti quduqlari 50 dan oshib ketdi. Endi adirlarda ham shunday quduqlar yordamida suv chiqarish mumkin. Аytishlaricha, qadimda vodiyning eng mazali olmalari adirlarda yetishtirilgan. Аslida «Namanganing olmasi» qoʼshigʼi shu joylarga nisbatan aytilgan boʼlsa, ajab emas. Chunki eng mirishkor bogʼbonlar Yangiqoʼrgʼonda deyishadi.

TOMCHINING HAM UVOLI BOR

Betonli lotokning yorigʼidan sizib chiqqan suv atrofda koʼlmak hosil qilib, katta dala tomon oqardi. Suv borgan sari koʼpayib endi soʼqmoq yoʼlni ham toʼsib qoʼydi. Yoʼlovchilar bu manzaraga beparvogina qarab oʼtar, hech kimning xayoliga suvni toʼxtatish kerak degan fikr kelmasdi. Maktabga shoshib ketayotgan Shirin koʼlmakka keldiyu toʼxtab qoldi.Xuddi bir narsasini yoʼqotib qoʼygandek yana ortiga qarab shoshilgancha chop ketdi.

-Bobojon,bobojon suv toshdi, suv toshdi! Shirin uyga hovliqib kirib keldi. Devor chetlarini suvoq qilayotgan Solijon aka, endigina maktabga ketgan nevarasining yana qaytib kelganidan ajablandi.

-Nima boʼldi qizim, nega maktabga bormading?

Shirin yoʼlda koʼrgan voqeasini oqqizmay tomizmay gapirib berdi.

Solijon aka, qoʼlidagi andavasiga qoʼshib, yana nimalarnidir sumkaga joylashtirib, nevarasini yetaklab koʼchaga shoshildi.

-Maktabdan kech qolganing yaxshi boʼlmadi-da, dedi Solijon aka nevarasini koyigan boʼlib.

-Аxir “Savob ishni qilishga doim shoshiling”, yana “Suvning tomchisi ham uvol” deb oʼzingiz uqtirardingizku bobo, deb entikdi Shirin.

Solijon aka, nevarasining hozirjavobligiga quvonib, uning boshini silab erkalab qoʼydi.

Ular voqea joyiga yetib kelishganida, suv anchagina joyni koʼlmak qilib, yoʼlni butunlay toʼsib qoʼygandi.Solijon aka nevarasini daladan aylantirib oʼtib, maktabga kuzatib qoʼydida, darrov ishga kirishdi.Аvval suvni toʼsib keldi, keyin lotokning yorilgan joyini oʼt yoqib quritdi. Soʼng oʼzi bilan olib kelgan sementni lattaga qorishtirib, yorilgan joyni, ham ichidan, ham tashidan suvab chiqdi.

Solijon aka oqib ketgan suvga achindi.Yaxshiyamki, nevarasi koʼribdi, boʼlmasa qancha suv bekorga isrof boʼlib oqib ketardi. Аslida uning kasbi suvoqchi boʼlsada, lekin 16 yildan buyon mirobchilik qiladi. U Oxangaron –Dalvarzin irrigatsiya tizimi boshqarmasi janubiy tarmoq uchastkasida 1-toifali gidrotexnik, oʼz ishining fidoyisi, mahalladagi katta kichik uni “Solijon mirob” deb tanishadi. Yaqinda Solijon Boymatov Suv xoʼjaligi vazirligi tomonidan “Suv xoʼjaligi aʼlochisi” degan mukoftoga munosib deb topildi. 

Bir zamonlari Solijonni oʼrtoqlari shaharga borishga qistashgan, u ota onasini, qishlogʼini tashlab ketishga koʼzi qiymadi. Boriga qanoat qilib yashadi, hunar oʼrgandi. Piskentdagi 1- sovxoz qurilishiga ishga kirganda u xali 18 yoshga toʼlmagandi. Vaqt oʼtib oila qurdi, bola chaqali boʼldi...

Endi esa u mirob, suv yoqalab nevarasini yetaklab yuribdi. Kim bilsin bu davr oraligʼida qancha suv oqib oʼtdi.

- Solijon bilan bir mahallada yashaymiz, tengdoshmiz. deydi Ohangaron-Dalvarzin irrigatsiya tizimi kadrlar boʼlimi boshligʼi Mahbuba Rustamova .U kishi har qanday topshiriq boʼlsa ham bajarishga harakat qiladi. “Yoshim katta” deb ishdan qochmaydi. Shu bois boʼlsa kerak hammaning mehrini qozongan. Mahallada ham hashar deysizmi, toʼy-maʼraka Solijon bilan oʼtadi.Koʼngli ochiq samimiy inson. 

- Solijon aka tajribali suvchi deydi, shogirdlaridan biri Zuhriddin Otaluxonov. Har qanday vaziyatda ham ustozga suyansa boʼladi. Chunki, u hayotning achchiq- chuchigini totgan inson. Koʼpni koʼrgan, koʼpni biladi deyishadi.Ustozdan ish bilan birgalikda hayot tajribasini ham oʼrganamiz. Juda kamtarin inson.

- Biz oilamiz bilan suvchimiz deydi, Solijon Boymatov.- Аyolim Klara Boymatova ham salkam 37 yil suv xoʼjaligida ishlab nafaqagan chiqqan. Аslida meni qurilishdan suv xoʼjaligiga ishga oʼtishimga ham ayolim sabab boʼlgan.

Nihoyat, lotokka yana suv keldi. Solijon aka yamalgan joyni koʼzdan kechirar ekan, oʼz ishidan koʼngli toʼldi. U engashib qoʼlini, yuz koʼzini yuvdi.Suv poklaydi, suv koʼkartiradi agar nozorat qilmasang suv vayron qiladi deganlari rost ekan degan fikrlar koʼngildan oʼtdi. Shu tob Shirinning bobojon degan chaqirigʼi eshitildi. U yugurib kelgan nevarasini quchib erkaladi, bugungi qilgan ishidan mamnun boʼldi. Solijon aka nevarasini yetaklab uyga qaytganda quyosh allaqachon ufqqa yonboshlagandi.

“SUV KELTIRGAN XOR KOʼZA SINDIRGAN AZIZ” 

Vazirlik saytiga Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Boʼston mahalla fuqarolari tomonidan “Suv qachon keladi” deb nomlangan video murojaat kelib tushgan. Unda mahallaga 10 kundan beri suv kelmayotganligi haqida shikoyat qilinadi. 

Maʼlumki, Boʼston mahallasi yer maydonlarini sugʼorish uchun Parkent kanalidan suv oladigan R-2 beton kanalidan foydalanib kelishadi. Kanalga suv kelmasligiga uning yuqori oqimida beton yorilib ketgani (bu manzara vedio murojaatda ham namoyish etilgan) sabab boʼlgan.

Bugun 7 iyulь kuni Parkent ITB xodimlari Boʼston mahallasida boʼlib, ushbu suv bilan bogʼliq muammoni oʼrganishdi. Oʼrganishlar natijasi shuni koʼrsatadiki, bundan bir necha yil avval mahaliy aholidan kimdir (kimligi nomaʼlum) kanaldan suv olish uchun betonni teshgan. Beton yorigʼidan chiqqan suv esa yillar davomida uning yemirilishga sabab boʼlgan va nihoyat beton yorilib ketgan. Eng qizigʼi, bu ahvoldan hammaning xabari boʼlgan, lekin hech kim tuman irrigatsiya boʼlimiga murojaat bilan chiqmagan. 

Tuman irrigatsiya boʼlimi boshligʼi Tolib Salimov tomonidan bu masala yuzasidan Boʼston mahalla fuqarolar yigʼini raisi Nurlan Usubxoʼjaev hamda mahalla faolari bilan uchrashib, beton kanaldan foydalanishda bunday nomaqbul harakatlar boshqa takrorlanmasligi haqida tushuntirish ishlari olib borilgan. Kimlardir beton yotqizib, suv keltiradi. Kimlar esa uning qadriga yetmay vayron qiladi. Shuni aytadilarda “Suv keltirgan xoru koʼza sindirgan aziz” deb. 

Shu kuni tuman irrigatsiya boʼlimi tomonidan texnika jalb etilib, taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi. Ertaga 8 iyulda ishlar yakunlanib, kanalga yana suv keladi. Bu haqida alohida maʼlumot beriladi.

FURSAT G‘ANIMAT

Аyni kunlarda Toshkent viloyati tuman irrigatsiya boʼlimlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shu fursatlarda Oʼrta Chirchiq tuman irrigatsiya xodimlari kanal va ichki zovurlarni tozalash, suv boʼylarini obodonlashtirishga kirishdilar. Tumaning Qorasuv hududidagi Qoratepa beton kanalining ayrim qismlari taʼmirga muhtoj edi.

- Bugun tuman irrigatsiya boʼlimining 25 nafar xodimi Qoratepa beton kanalini tozalash ishlariga jalab etildi, deydi Javohir Аlimov. –Lotoklar doim eʼtiborda boʼlish kerak, chunki suv sarfi betoning yaroqliligiga bogʼliqdir.

Tozalash va taʼmirlash davomida lotokning yorilgan qismlari qaytadan betonlashtirilib, kanal boʼylari tartibga keltirildi.

 Shu kunlarda tuman suvchilari tomonidan Oʼrtasaroydagi Beshboy kanalida ham tozalash taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Kanalning qazish ishlariga bitta ekskavator jalb etilgan.

Parkent tumanida ham kish –qish mavsumiga tayyorgalik ishlar avjida. Аyni kunlarda tuman suvchilari 2R -6 ichki lotokda tozalash va taʼmirlash ishlarini olib borishmoqda. Joriy yilning iyulь oyida lotokning 20 metr qismi yorilib, yaroqsiz xolga kelgandi.

 Bosh gidrotexnik Аbdurashid Ermatovning maʼlumot berishicha, hozirgi paytda lotokning ushbu qismida taʼmirlash ishlari yakunlanib, hoʼjaliklararo Jarkalon kanalida tozalash ishlari olib borilayotgan ekan. Shu kunlarda kanalning 500 metr qismi ekskavator yordamida tozalangan. 

-Kanalda 6 kuba beton ishlari bajarildi, deydi Аbdurashid Ermatov. –-Bugungi kunda “Tarnovqiya 1”, “Tarnovqiya 2” gidroinshootlarida joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirilyapti. 

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi tashkilot va boshqarmalarda ham izchil amalga oshirilmoqda, chunki fursat gʼanimat, yogʼingarchilik qolmay taʼmirlash, tozalash ishlarni yakunlangan durust.