Oʼzbekiston Respublikasi Suv xoʼjaligi vazirligi Shveytsariya xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda “Oʼzbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ning birinchi, ikkinchi bosqichini amalga oshirdi. Endilikda mazkur loyihaning uchinchi bosqichi rejalashtirilmoqda.
Shu maqsadda bugun Shveytsariya xalqaro hamkorlik agentligi maslahatchisi Rodjer Shmid Toshkent viloyati irrigatsiya tizimi bilan tanishdi. Uchrashuv Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida boʼlib oʼtdi.
Unda havza boshqarmasining birinchi oʼrinbosari Sardor Аlimbeqov Toshkent viloyatida irrigatsiya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirdi. Аyniqsa, suvdan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan maxsus xizmati faoliyatiga alohida toʼxtalib oʼtdi.
Rodjer Shmidt fermerlar va suv xoʼjaligi xodimlari oʼrtasidagi munosabat hamda klasterlar faoliyati, ekin maydonlariga suv qanday qoidalar asosida taqsimlanishi bilan qiziqdi.
Uchrashuvda Chirchiq hamda Ohangaron daryolari, irrigatsiya tarmoqlari, shuningdek, xoʼjaliklararo kanallar tizimi haqida ham maʼlumot berib oʼtildi.
Shundan soʼng Shveytsariya xalqaro hamkorlik agentligi maslahatchisi Rodjer Shmidt havza boshqarmasining dispetcherlik xizmati bilan tanishar ekan, suv masofadan turib, bevosita zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida boshqarilib borilayotganining guvohi boʼldi.
Bu yerda havza boshqarmasi boʼlim boshligʼi Аnorboy Salimov xarita yordamida Sirdaryo, Chirchiq va Ohangaron daryolarining Toshkent viloyati ekin maydonlariga taqsimlanishi, suv yoʼllari haqida maʼlumot berib oʼtdi.
Shu kuni agentlik maslahatchisi hamrohligida Parkent, Yuqori-Chirchiq tumanlarida boʼlib, irrigatsiya tizimlari bilan tanishdilar.