Bugun respublikamizning barcha qishloq xoʼjaligi ekin maydonlarida vegetatsiya pallasi. Fursat gʼanimat. Gʼoʼzani vaqtida sugʼorish uning gurkirab rivojlanishga sabab boʼladi. Аyni vaqtda Toshkent viloyatining Boʼka tumanida bu yil salkam 324 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sugʼorish joriy etiladi. Chunki tuman viloyatda suvga talab yuqori hududlardan hisoblanadi.
– Bugun suv tejovchi texnologiyalarni amalyotgan tatbiq etishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda, deydi suv xoʼjaligi vazirligi mutaxassisi Turob Qayumov. – Zero suvning qadrini oshirmay turib yuqori xosilga erishib boʼlmaydi.
Joriy yilda tumanda 33 ta fermer xoʼjalik bilan quruvchilar oʼrtasida 2951 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni oʼrnatib berish boʼyicha 72 millard 950 million soʼmlik shartnoma tuzilgan edi. Shu kunga qadar viloyat agrobank tomonidan 11 nafar fermerga mablagʼ ajratildi. Ularning orasida “Olimov Shodiyor”, Koʼkarol siti”, “Boʼston bahori”, ”Boʼka Boʼston” fermer xoʼjaliklari ham bor.
Bu yili “Olimov Shodiyor” fermer xoʼjaligi 68 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni maqsad qilgan. Shundan 53 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sugʼorish, 15 gektar maydondagi gʼalla va poliz ekinlarida esa yomgʼirlatib sugʼorish joriy etiladi.
– Hozirda fermer xoʼjaligining tomchilatib sugʼorish uchun ajratilgan ekin maydonlarida hovuz qazilib, geomembra yotqizildi, deydi “Maxsus suv xizmati” rahbari Narzulla Shukurov. – Аyni kunlarda transfarmator va filьtrlar oʼrnatishni yakunlamoqchimiz.
“Koʼkarol siti” fermer xoʼjaligi Boʼka tumaning ekin chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Bu yerlarda doim suv tanqis boʼlib kelgan. Shu bois ham fermer xoʼjaligi bu yil 30 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sugʼorishni rejalashtirgan.
– Xoʼjaligimiz “Аqlli sera” quruvchi tashkilot bilan 30 gektar maydonda tomchilatib sugʼorish texnologiyasini joriy etish boʼyicha shartnoma qilingan edi, deydi fermer Dinmuhammad Yunusov. – Bugungi kungacha hovuz qazilib, atrofi betonlashtirildi, hozirda transformator va filьtrlar oʼrnatish ishlarini boshlab yubordik.
Gʼoʼzalar boʼy koʼrsatib qoldi. Birinchi suvni berishga fursat yaqin, shungacha joylardagi tejamkor texnologiyalarni tezroq joriy qilish kerak. Bu esa quruvchilarga bogʼliq.
– Hozir vegetatsiya davri, qoʼl - qoʼl tegmaydi, deydi Boʼka tuman ITB boshligʼi Oʼktam Аlimov. – Tezroq texnologiyalarni ishga tushirish kerak. Endi gap quruvchilarga qoldi.
Ha bugun fursat gʼanimat, gʼoʼza nihollarini sugʼorishga ulgirish kerak. Bugungni tezkor davrda hamma narsa mablagʼga borib taqaladi, agar viloyat Аgrobank tomonidan moliyalashtirish oʼz vaqtida boʼlganda edi, quruvchi ham, fermer ham tashvishda boʼlmas edi.
Bu mavzuga yana qaytamiz.