Bugun suvdan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni yanada kengroq joriy davlatimizning eng ustivor vazifalaridan biriga aylangan. Chunki yildan yilga suvga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, joriy 2023 yil vegetatsiya davrida suv resurslari hajmi ko‘p yillik me’yorga nisbatan Sirdaryo havzasida 10 — 15 foizga, Amudaryo havzasida 15 — 20 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 1 aprelida “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bu haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida bo‘lib o‘tgan amaliy seminar shunga bag‘ishlandi.
Seminarda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib kelinayotgani ta’kidlandi.
-Bugun eng avvalo suv resurslarini suv iste’molchilari orasida qat’iy taqsimlagan holda foydalanishni yo‘lga qo‘yish zarur, deydi Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sardor Alimbeqov. – Bunda birinchi navbatda maxsus xizmat bilan iste’molchi o‘rtasidagi munosabatni shakllantirmog‘imiz zarur.
Seminarda Suv xo‘jaligi vazirligi vakili Turop Qayumov so‘zga chiqib, suv tejaydigan texnologiyalar joriy etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish, qolaversa, bu borada fermer xo‘jaliklariga ajratilayotgan imtiyozlar haqida to‘xtalib o‘tdiirrigatsiya tizimlarida suv yo‘qotishlarni kamaytirish hamda «Suv hisobi» axborot tizimini joriy etish bilan bog‘liq vazifalar haqida ma’lumot berib o‘tdi.
Seminarda fermerlarning qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi. Amaliy seminar viloyat tumanlarida davom etadi.