Yildan yilga suvga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Bugun hayotni o‘zi suvni tejab, undan oqilona foydalanishni taqozo etmoqda. Davlatimiz rahbari joriy yil 1 aprelida “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida aynan suv resurslaridan foydalanish bilan bog‘liq bir qator vazifalarni belgilab berdi. Suv tejovchi texnologiyalarni yanada kengroq joriy etish, suvning hisobini yuritish shular jumlasidandir.
Joriy yilning 28 aprelda Toshkent viloyatining Toshkent tumanida bo‘lib o‘tgan seminarda bu haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Toshkent tumani asosan bog‘dorchilikka, sabzovotchilikka ixtisoslashgan. Hududning salkam 5 ming 400 gektar maydoni sug‘orilishga mo‘ljallangan. Qariyb 550 gektar yer maydonlari tejamkor texnologiyalar yordamida sug‘orilib kelinmoqda. Bu yil 600 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish maqsad qilingan. Ayni kunlarda 116 gektar sabzovot hamda bog‘larda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.
– Suvning hisobini yuritmay turib, uni tejab bo‘lmaydi, deydi Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Turob Qayumov. – Ota bobolarimiz bejizga har sohada tejamkorlik, hisob- kitob qilishni ilgari surishmagan. Zotan hisobini bilgan qadriga yetadi.
Yig‘ilishda suv resurslarini fermerlar orasida qat’iy taqsimlash, maxsus xizmat bilan suv iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatni yanada rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Seminarda davomida suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib kelinayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda fermerlar o‘zlarini qiziqtirib barcha savollarga javob olishdi.